Xorazm Ma'mun akademiyasi

Eksperimental baza o’simliklar genofondi binosi

30-04-2017     Eksperimental baza

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-noyabrdagi 240-sonli Qarori bilan Xorazm Ma’mun akademiyaning faoliyati takomillashtirilgan asosiy ustuvor ilmiy yo’nalishlari belgilab berilgan. Ustuvor yo’nalishlardan biri Xorazm vohasining tuproq-iqlim sharoitiga mos bo’lgan qishloq xo’jalik o’simliklarini iqlimlashtirish orqali sho’rlanish va cho’llanishning oldini olish masalalari bo’lib, bu yo’nalishdagi tadqiqot ishlari Xiva tumani “Soyot” qishlog’ida joylashgan eksperimental baza hududidagi dala tajriba uchastkasida amalga oshiriladi. Bundan tashqari eksperimental baza tarkibida mahalliy va noyob introdutsient o’simliklar urug’larini saqlovchi, zamonaviy talablarga javob beradigan o’simliklar genofondi binosi, ilmiy laboratoriyalar majmui hamda ishchi-xizmatchilar uchun turar joy binosi barpo etilgan.

Xorazm Ma’mun akademiyasi Eksperimental bazasining dala tajriba uchastkachsi va laboratoriyalarida quyidagi ishlarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqada:

  • Xorazm vohasi tuproq-iqlim sharoitlariga mos qishloq xo’jaliki ekinlari (g’o’za, g’alla, sabzavot va poliz ekinlari)ni sinash, tanlab olish va amaliyotga tadbiq qilish;
  • Serhosil, kasallik va zarakunadalarga chidamli g’o’za, bug’doy va boshqa o’simliklarni yetishtirishning mintaqaviy agrotexnikalarini ishlab chiqish;
  • Mintaqadagi ekologik vaziyat, aholining salomatligi va ularning o’zaro bog’liqligini tahlil qilish, kasalliklarning oldini olish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
  • Xorazm vohasi sharoitida tuproq unumdorligini oshirishning samarali tizimini ishlab chiqish;
  • Xorazm viloyatida serhosil, sifatli (kleykovinasi ko’p) bug’doy hosili yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlashning yagona tizimini yaratish.

Xorazm Ma’mun akademiyasida qishloq xo’jaligi, ekologiya va biologiya sohalarida bajarilayotgan ilmiy loyihalar mavzulari rejasidagi dala tajribalari, fenologik kuzatuvlar o’tkazish, tuproq, suv va o’simliklardan namunalar olish, tahlil qilish, olingan ma’lumotlarni umumlashtirish ishlari aynan dalaning o’zida joylashgan laboratoriyalar majmuasida bajariladi.

            Eksperimental baza hududida 1 ga yerda bog’ tashkil qilindi. Eksperimental baza va undagi o’simliklar genofondi binosidan grantlar ilmiy xodimlari, Urganch davlat universiteti professor-o’qituvchilari, tadqiqotchilar hamda talabalar samarali foydalanib kelmoqdalar.

            Biologiya fanlari nomzodi A.Jumaniyazov uzoq yillar davomida Turon,
S-2610, Parvoz, Orzu navlarini iqlimlashtirib, mazkur navlar hozirda ekishga tavsiya qilingan. Shuningdek, amarantning bitta, bamiyaning 4 xili, soyaning 4 navi urug’larining unuvchanligi, unish energiyasi, biokimyoviy tarkibi va boshqa xususiyatlari o’rganildi. Chet eldan keltirilgan AL-16 navli pomidor mahalliylashtirilishi natijasida (bir tupidan 10 kg atrofida) yuqori hosil olingan. Sabzavot soyasi Tayvandan keltirilib mahalliylashtirilgan. Daykon ildiz mevali o’simlik bo’lib (turp o’rnida) mahalliy sharoitga moslashtirilgan va oziq-ovqat uchun ko’plab xo’jaliklarda ekilmoqda.

Tajriba dalalari tuproqlari sho’rlanganlik darajasi, agrofizik va agrokimyoviy xususiyatlari, tarkibidagi gumus miqdori aniqlanib, unda sodir bo’ladigan mikrobiologik jarayonlari tahlil qilingan.

 

Selektsiya tadqiqot dasturini maqbul muddatlarda amalga oshirish maqsadida Xurma, Niyat, navlari va L-86 hamda qimmatli xo’jalik belgilari bilan amaliy qiziqish uyg’otuvchi bir qator istiqbolli tizmalardan yakka tanlov va oilaviy terim asosida olingan chigitlar ekildi. Ularning istiqbolligini anglatuvchi belgilari, paxtachilikda ustuvor belgilar hisoblanadigan xosildorlik, ertapisharlik va tola uzunligidir. Ekish uchun tola uzunligi 34-35 mm dan kam bo’lmagan  yakka tanlov urug’lari ekildi. Davlat nav sinash shaxobchalarini Xurma va Niyat navlvri urug’lari bilan ta’minlandi. Qishloq va suv xo’jaligi Vazirligining № 67 sonli qaroriga asosan Xorazm viloyati Xonka tumanidagi urug’chilik xo’jaligi Xurma va Niyat navlarining elita urug’lik materiallari bilan ta’minlandi. G’o’zaning yangi RAXMAD, Xurma hamda Niyat navlaridan yakka tanlov va oilaviy terim asosida olingan chigitlar 2016 yil 13-15 aprel kunlari Xorazm Ma’mun akademiyasi tajriba dalalariga qo’lda ekildi. Shuningdek, RAXMAD, Xurma, Niyat navlari hamda L-86 kam bargli tizmasi, Xaki va boshqa qimmatli xo’jalik belgilari bilan amaliy qiziqish uyg’otuvchi tizmalar ekildi. Bundan tashqari, Urganch tumani “Farrux” va Honqa tumani “Salay Yaqubov” fermer xo’jaliklari dalalariga xam yuqorida nomlari keltirilgan g’o’zning yangi navlari va tizmalari ekildi.

2016 yilda o’tkazilgan ilmiy-tadqiqot ishlar tahlillari shuni ko’rsatadiki, Xorazm viloyatining sho’rlangan tuproq-iqlim sharoitlari hisobga olingan holatda, Xorazm Ma’mun akademiyasida yaratilgan g’o’zaning yangi, istiqbolli Xurma va Niyat navi hamda L-86 tizmasi, mintaqa iqlim-tuproq sharoitiga ko’nikkanlik darajasi yuqori bo’lgan va barqaror tarzda yuqori hosildorlikka ega ekanligi aniqlandi. Jumladan Urganch tumani “Farrux” fermer xo’jaligi dalalarida Xurma navidan 34,6 ts/ga, Niyat navidan 35,8 ts/ga hosil olingan bo’lsa, Honqa tumani “Salay Yaqubov” fermer xo’jaligi dalalarida Xurma navidan 36,2 ts/ga, Niyat navidan 38,6 ts/ga hosil olishga erishilgan.

Hozirgi davrda paxta tuplarining siyrak bargli oilalari qiziqish uyg’otmoqda. Bunda tup to’laligicha ko’rinib turadi. Mazkur omil o’simlik aeratsiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi,  chanoqlari tez ochilishini ta’minlaydi, bu esa o’z navbatida defolyatsiya o’tkazishga ehtiyoj qoldirmaydi, g’o’zaning L-86 tizmasi aynan huddi shunday sifat ko’rsatkichlariga ega bo’lgan tizma hisoblanadi.    

2016 yil oktyabr oyida Xorazm Ma’mun akademiyasida yaratilgan yangi istiqbolli g’o’za navlari tola sifatining texnologik ko’rsatkichlari Xorazm hududiy “Sifat” laboratoriyasida aniqlandi. Jumladan, mikroneyr bo’yicha  XURMA navida – 4,5 MIC; Niyat navida – 4,4 MIC; Xorazm- 127 navida (nazorat) – 4,8 MIC; L-86 tizmasida – 4,1 MIC ekanligi aniqlandi. Yuqori o’rtacha uzunlik bo’yicha XURMA navida – 32,0 mm; Niyat navida – 30,73 mm; Xorazm- 127 navida– 29,21 mm; L-86 tizmasida – 30,98 mm; solishtirma uzilish kuchi bo’yicha esa  XURMA navida – 31,5 gs/teks; Niyat navida – 32,0 gs/teks; Xorazm- 127 navida – 32,6 gs/teks; L-86 tizmasida – 30,8 gs/teks ekanligi aniqlandi. Bir xillik indeksi mos ravishda 84,5; 84,7; 83,8; 83,2 bo’ldi. 

Kelgusi yillarda Xorazm viloyatida selektsiya-urug’chilik ishlari hamda qimmatli xo’jalik belgilarini barqarorlashtirish va ishlab chiqarishda ekilayotgan navlar bilan raqobatlasha oladigan navlar yaratish ishlari davom qildiriladi.