Xorazm Ma'mun akademiyasi

Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga tashrifi tafsilotlari

30-04-2017     So'nggi yangiliklar

Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga tashrifi tafsilotlari

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning taklifiga binoan 6-7 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo’ldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 6 mart kuni bo’lib o’tdi. Davlat rahbarlari avval yakkama-yakka, keyin ikki mamlakatning kengaytirilgan tarkibdagi rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o’tkazdilar. Ularda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo’jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ilm-fan sohasidagi hamkorlik ham yuksalmoqda. Ikki mamlakat olimlari qishloq xo’jaligi, neft kimyosi va boshqa sohalarda birgalikda izlanishlar olib bormoqda. 

Muzokaralar yakunida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo’shma bayonotni, O’zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o’rtasida strategik sheriklik to’g’risidagi shartnomani imzoladilar. Tegishli vazirlik va idoralar o’rtasida 2018-2020 yillarda iqtisodiy hamkorlik to’g’risidagi shartnoma, temir yo’l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid memorandum, 2017-2019 yillarga mo’ljallangan madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi, 2017-2018 yillarda tashqi ishlar vazirliklari o’rtasidagi hamkorlik dasturi, O’zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo’jaligi texnikalari va kimyo mahsulotlari yetkazib berish to’g’risidagi shartnomalar imzolandi. Xorazm viloyati bilan Dashovuz viloyati, Buxoro viloyati bilan Lebap viloyati hokimliklari o’rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to’g’risida bitimlar imzolandi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanobod shahriga borishdi. Bu shahar yaqinida Amudaryoda qurilgan Turkmanobod-Farab avtomobil va temir yo’l ko’priklarining tantanali ochilish marosimi bo’ldi.

Avtomobil ko’prigining uzunligi - 1600, temir yo’l ko’prigining uzunligi - 1750 metr. Ularni qurishda turkmanistonlik va ukrainalik quruvchilar ishtirok etgan, Germaniya, Norvegiya texnologiyalaridan foydalanilgan.

Prezidentlar ko’priklar oldidagi maydonda tashkil etilgan o’zbek va turkman amaliy san’ati namunalari, hunarmandchilik mahsulotlari ko’rgazmasini ko’zdan kechirdilar.

Davlat rahbarlari poezdga o’tirib, ko’prikdan o’tishdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan vidolashuv marosimida Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanistonda Buyuk Yo’lboshchimiz xotirasi abadiylashtirilishini ta’kidlagan edi. SHu maqsadda Turkmanobod shahridagi markaziy ko’chalardan biriga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko’chada yodgorlik majmuasi barpo etildi va Birinchi Prezidentimizning byusti o’rnatildi. Majmuada O’zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari aks ettirilgan. Ularning yonidagi granitda Islom Karimovning «Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo’lgan muhim boylik – bu mamlakatlarimiz o’rtasidagi o’zaro ishonchdir» degan so’zlari o’zbek va turkman tillarida bitilgan.

Mazkur yodgorlikning ochilish marosimi bo’ldi.

Prezidentlar Islom Karimov yodgorlik majmuasiga gullar qo’yishdi. Islom Karimov nomidagi ko’cha bo’ylab sayr qilishdi.

O’zbekiston va Turkmaniston hukumatlari a’zolari, diplomatik korpus, keng jamoatchilik vakillari ham Birinchi Prezidentimiz yodgorligi poyiga gullar qo’ydi.

Turkmanobod shahridagi «Ruhiyat» saroyida O’zbekiston va Turkmaniston san’at ustalarining kontserti namoyish etildi. Bu o’zbek va turkman xalqlarining bir-biriga yaqinligini yaqqol namoyon etdi, mamlakatlarimizning zamonaviy va mumtoz san’ati bilan keng tanishish uchun qulay imkoniyat bo’ldi. 

Saroy foyesida o’zbek va turkman xalq amaliy san’ati buyumlari namoyish etildi.

Shu bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga davlat tashrifi yakuniga yetdi.

Turkmanobod aeroportida O’zbekiston Prezidentini  Turkmaniston Prezidenti kuzatib qo’ydi. 

Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar, bo’lib o’tgan madaniy tadbirlar mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik yaxshi qo’shnichilik va qardoshlik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

Ushbu tadbirlarda Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi, q.x.f.n. Sh.Yu.Kadirov ham ishtirok etdi.