Xorazm Ma'mun akademiyasi

“XORAZM JADIDCHILIK HARAKATI ENSIKLOPEDIYASI” NASHR ETILDI

23-05-2024     So'nggi yangiliklar

Urganch  shahridagi  “Milleniumus print” nashriyotida Xorazm Ma'mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Umid Bekmuhammadning  “Xorazm jadidchilik harakati ensiklopediyasi” nashr etildi.

Ensiklopediyada faqat Xorazm jadidlarigina emas, ular bilan bog‘liq maktab, pedagoglar va ularning bitiruvchilariga, matbuot, dramaturgiya sohalari, islohotlar, xonlik va respublika davridagi jadidlar bilan hamkorlik qilgan shaxslarga ham to‘xtalib o‘tilgan hamda shu orqali davr manzarasini yaratishga, o‘quvchi ko‘z o‘ngida namoyon qilishga harakat qilingan.

E'tiborlisi, ensiklopediyada Xorazmda tashkil etilgan jadid maktablari, ularning qaysi hududlarda faoliyat ko‘rsatgani, tashkilotchilari, pedagoglari, o‘quvchilari, o‘tkazilgan  islohotlar, jadidlar bilan bog‘liq shu davrdagi jarayonlar  qamrab olingan.

Ensiklopediyadan  muallifning ko‘p yillar davomida arxiv hujjatlari, ilmiy adabiyotlar, matbuot nashrlari, qolaversa “Tarjimon” gazetasining 1883-1916 yillardagi sonlaridan to‘plagan ma'lumotlari asosidagi maqolalari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Ushbu ensiklopediyaga ilova sifatida Xorazm jadid ijodkorlarining she'rlari, namoyandalar faoliyatiga oid noyob rasmlar, hujjatlar, jadid maktablaridagi darslik, qo‘llanmalarning ayrimlari ilova qilingan.