Xorazm Ma'mun akademiyasi

Xalqaro hamkorlik sari

18-08-2023     So'nggi yangiliklar

2023-yil 17-avgust kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida Xorazm Maʼmun akademiyasi arxeolog olimlari bilan Buyuk Britaniyaning Kembridj Universiteti olimasi geoarxeolog, professor Djudit Banberi oʼrtasida zuum ilovasi orqali oʼzaro uchrashuv boʼlib oʼtdi. Uchrashuvni tashkillashtirishda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali tijoratlashtirish boʼlimi boshligʼi Iroda Ismoilova amaliy yordam koʼrsatdi.
Professor Djudit Banberi oʼzining Nil daryosi vodiysidagi geoarxeologik tadqiqotlari bilan mashhur. Uning soʼnggi 10 000 yil ichida Nil vodiysi boʼylab daryoning harakatlanishi va uning Misr sivilizatsiyasiga taʼsiri boʼyicha olib borgan izlanishlari qadimgi Misr jamiyatlarining shakllanishi va taraqqiyoti masalalarini oʼrganishda muhim ahamiyatga ega.
Аynan, qadimgi Xorazmda ham qadimgi Misr kabi sivilizatsiyalarning shakllanishida muhim rol oʼynagan daryolarning ahamiyati tadqiqotchida Xorazm vohasi tarixiga katta qiziqish uygʼotdi. Bizga maʼlumki, Xorazm vohasida Аmudaryoning harakatlanish yoʼnalishi va u hosil qilgan deltalar tarixiy landshaftlarning paydo boʼlishi va rivojlanishiga katta taʼsir koʼrsatgan. Keyingi 5000 yillik tarix davomida Аmudaryo oʼz oqimini bir necha bor oʼzgartirgan va bir nechta deltalarni hosil qilgan. Har bir delta atrofida turli tarixiy madaniy birliklar, shahar va qishloqlar bilan bogʼliq mikrovohalar shakllangan.
Аyni paytda Xorazm Maʼmun akademiyasi arxeologlarining B.P.Sadullaev boshchiligida Аmudaryoning eski Davdon oʼzani atrofida olib borayotgan tadqiqotlari ham professor Djudit Banberida katta qiziqish uygʼotdi.
Oʼzaro manfaatli suhbat jarayonida ikki tomonni qiziqtirgan savol-javoblar amalga oshirildi. Professor Djudit Banberi oʼzining Nil daryosi vodiysidagi tadqiqotlari natijalarini baham koʼrar ekan, kelajakda Xorazm Maʼmun akademiyasi bilan Kembridj universiteti oʼrtasida halqaro hamkorlik memorandumi tuzish va oʼzaro manfaatli tadqiqotlarni amalga oshirish boʼyicha istiqbolli rejalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.