Xorazm Ma'mun akademiyasi

Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligiga bagʻishlangan davra suhbati o'tkazildi

14-04-2023     So'nggi yangiliklar

Xorazm Ma’mun akademiyasi va Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxonasi hamkorligida Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida oʻzining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoshgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, Ilk Renessans davrining yorqin namoyandasi Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag'ishlab Beruniyning hayoti va ilmiy faoliti, jahon ilm-fani rivojiga qoshgan ulkan hissasi mavzusida davra suhbati o'tkazildi.

Markaz direktori o'rinbosari Mavluda Qurbonboeva ochib bergan tadbirda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali hamda Urganch RANCH texnologiya universiteti talabalari ishtirok etishdi.

Davra suhbatini Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali o'qituvchisi Anvar Safaev olib bordi. Tadbirda so'z olgan Xorazm Ma'mun akademiyasi yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Razzoqberdi Abdirimov va shoira Qurvonbika O'rozmetova Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy faoliyati, jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi to'g'risida so'zlab berdilar.

Tadbir davomida olimlar Abu Rayhon Beruniy o'z zamonasining hamma fanlarini, birinchi navbatda falakiyot, fizika, riyoziyot, ilohiyot, ma'danshunoslik fanlarini puxta egallaganligini, bu fanlar taraqqiyotiga qo'shgan hissasi bilan uning nomi dunyo fanining buyuk siymolari qatoridan joy olganligini ta’kidladilar. Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy 973-yil 4-sentyabrda qadimgi Kot shahrida tavallud topdi. Uning nasl-nasabida berun so'zi tashqi shahar, Beruniy esa tashqi shaharda yashovchi kishi ma'nosini bildiradi. Beruniyning ilm-fanga qiziqishi yoshligidanoq kuchli bo'lgan. Mashhur olim Abu Nasr ibn Iroq Mansur qo'lida ta'lim oladi. Ibn Iroq falakiyot va riyozotga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bag'ishlaydi. Beruniy ham ustozining ismini hamma vaqt zo'r hurmat bilan tilga oladi. Beruniy fanning deyarli hamma sohalari bilan shug'ullandi. Sharqning boy fan va madaniyatini puxta o'rganib, yunon ilmi bilan ham chuqur tanishib, yirik olim bo'lib etishdi. Beruniy shoir, adabiyotshunos ham edi. Ona tilidan tashqari arab, sug'diy, fors, suryoniy, yunon va qadimiy yahudiy tillarini egalladi. Keyinchalik, Hindistonda sanskrit tilini o'rgandi. O'z ilmiy asarlaridan birida yozishicha, Beruniy Xorazmda yashagan davrida 990 yildan Kot shahrida muhim astronomik kuzatishlar o'tkazgan. Bu kuzatishlar uchun o'zi astronomik asboblar ixtiro qilgan.

Tadbir davomida talabalar Beruniyning hayoti va faoliyati yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.