Xorazm Ma'mun akademiyasi

Yangi kitob nashr qilindi

03-04-2023     So'nggi yangiliklar

Mazkur ilmiy-ommabop kitob Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi «Qatagʼon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʼrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi F-5598-sonli farmoyishiga asosan nashrga tayyorlandi.
Kitobda Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi qatagʼon qurbonlarining hayoti va fojiali taqdiri yoritilgan. Kitobdagi maʼlumotlar karvaklik qatagʼon qurbonlari avlodlarining xotiralariga asoslangan. Maʼlumotlarni turli arxiv hujjatlari va asarlar bilan toʼldirishga harakat qildik.
Ushbu kitobni yaratishda Oʼzbekiston Milliy arxivi, Xorazm viloyati davlat arxivi, Xorazm Ma'mun akdemiyasi, Urganch davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʼon qurbonlari xotirasi muzeyi arxivi, Karvak qishlogʼi ahlining shaxsiy arxivlari, ogʼzaki tarix materiallari va boshqa hujjatlardan foydalanildi. 2022-yil 31-avgust kuni Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Shahidlar xotirasi maydoni va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʼon qurbonlari xotirasi muzeyiga kirib, koʼrgazma bilan tanishgach, oʼz fikrlarini bayon etdi: «Bu yerga har gal kelib, eʼtibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson boʼlmagan. Istiqlolimizga 31 yil boʼlgani bilan, bobolarimiz 100 yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatagʼonga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Tahlil boʼlgan. Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi boʼlgan. 2-3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek boʼladi. Butun dunyoda bir parcha qogʼoz boʼlsayam, qancha mablagʼ ketsayam, oʼzbek millatiga mansub hujjatlarni topinglar deb topshiriq bergandim. Oxirgi yillarda yana qancha qatagʼon qurbonlari aniqlandi. Аdolat nuqtai nazaridan qahramon bobolarimizning nomlarini tiklayapmiz. Oʼtgan bir yil ichida Oʼzbekiston Oliy sudi tomonidan 235 nafar ana shunday vatandoshimiz oqlandi. Jadid bobolarimiz nomida muzeylar, maktablar tashkil qilyapmiz. Toshkent markazida Аbdulla Qodiriy maktabi qurib, haykalini oʼrnatdik. Nima uchun? Odamlar oʼtganda koʼrishi, «men kimlarning avlodiman» deb oʼylashi, asarlarini bilishi kerak. Yoki Choʼlponni tiklash qanday qiyin boʼldi? Bugun biz pastga tushinglar, xalqning ichiga boringlar deyapmiz, xalqdan kuch olyapmiz. Choʼlpon ham shunday degan. Bunday xayrli ishlarni toʼxtatmaslik kerak. Yangi kitoblar, filmlar chiqarish zarur».
Davlatimiz rahbari hali bu tarix oxirigacha oʼrganilmagani, qatagʼon qurbonlarini aniqlash va xotirasini tiklash boʼyicha izlanishlarni davom ettirish kerakligini taʼkidladi. Shu bois ham mazkur kitobni yurtimizda amalga oshirilayotgan savobli ishlarning davomi deyishimiz mumkin.
Ushbu kitobga material yigʼish maqsadida Karvak qishlogʼida uyma-uy yurib, soʼrab-surishtirib mustabid sovet tuzumining qatagʼon yillarida Sibirga surgun qilinganlar, otilganlar, qamalganlar, unumsiz yerlarga koʼchirib yuborilganlar aniqlandi. Qatagʼon qurbonlarining farzandlari, yaqin qarindoshlari bilan birma-bir gaplashib chiqildi.
Karvak qatagʼondan eng koʼp aziyat chekkan qishloq sifatida tarixda qoladi. Qatagʼon yillarida karvakliklar: «Ey Xudo ilmli insonlarga, mulla bilan eshonga qiron keldi-ku», ‒ deb bejiz aytishmagan. Qishloq ahlining koʼpchiligi jismonan yoʼq qilingan. GULАG tizimidagi muassasalar mahbuslari dahshatli azoblarga bardosh berolmay mayib-majruh boʼlib qolganlar. Qatagʼon qilinganlarning oila aʼzolari, farzandlari xoʼrlangan, azoblangan, uylari buzib tashlangan yoki koʼchirib yuborilgan.
Qatagʼon boʼlgan qishilar hayoti haqida soʼrab-surishtirar ekanmiz, bir-biridan ayanchli taqdirlarga duch kelamiz. Jabrdiydalar chekkan jabru jafolarini eshitib, koʼzingga uyqu kelmaydi. Izlanishlar shuni koʼrsatadiki, ularning deyarli barchasi beayb boʼlgan.
Oʼylaymizki, u Siz aziz oʼquvchilarga maʼqul boʼladi va kitob javoningizdan oʼrin oladi.
Kitob Xorazm viloyati hokimligi homiyligida nashr qilindi. Ushbu ezgu va savobli loyihani qoʼllab-quvvatlagan Xorazm viloyati hokimligiga minnatdorlik bildiramiz. Mashaqqatli va sharafli ushbu tarixni yoritishimizga yaqindan yordam bergan va qoʼllab-quvvatlagan insonlarni ushbu muborak Ramazon oyida xayr, savoblarni ziyoda etsin!