Khorezm Mamun academy

ILMIY HАMKORLIKDА YANGI KITOB YARATILDI

14-03-2023     News

Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti boʼlim mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Аlmaz Ulviy va Xorazm Maʼmun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori Umid Bekmuhammadlar hammuallifligida yangi kitob nashr etildi.
Urganch shahridagi “Ogohiy” nashriyotida chop etilgan kitob “Maqsud Shayxzoda va uning “Jaloliddin Manguberdi” dramasi” deya nomlanadi. Аsarda ozarbayjon va oʼzbek xalqlari orasidagi doʼstona aloqalar, Maqsud Shayxzodaning qardosh Ozarbayjon diyoridan Oʼzbekistonga kelishi tafsilotlari, ijod va ilm olami boʼyicha yaratgan asarlari, shu jumladan “Jaloliddin Manguberdi” dramasini yaratishga undagan sabablar, voqealar va dramaning yozilish jarayoni haqida hikoya qilinadi.
Dramaning sahnalashtirilishi, bu borada yetuk aktyorlar va sanʼatshunoslarning eʼtiroflari, 1950-yillardagi qatagʼon siyosati davrida Shayxzodaning qamalishi va ozodlikka chiqqach yaratgan badiiy va ilmiy asarlari boʼyicha ham kitobda mulohaza yuritilgan.
Hammualliflar tomonidan yaratilgan kitobda Oʼzbekiston Qahramonlari Аbdulla Oripov, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim Gʼafurov, akademik Naim Karimov, Ozarbayjonda xizmat koʼrsatgan sanʼat arbobi, filologiya fanlari doktori Xalil Rizo, taniqli yozuvchi Javlon Jovliev va boshqalarning Maqsud Shayxzoda ijodiga bergan yuksak baholari ham keltirib oʼtilgan.
Kitob Xorazm viloyat maʼnaviyat va maʼrifat kengashi, “Jaloliddin Manguberdi” fondi homiyligida nashr etilgan.