Xorazm Ma'mun akademiyasi

Xiva shahrining “Ichon qal’a” davlat muzey qo’riqxonasi hududida eski quduq og’zi ochildi

22-04-2021     So'nggi yangiliklar

Ma’lumki, bugungi kunda Xiva shahri xususan, shaharning qadimiy qismi hisoblangan “Ichon qal’a” davlat muzeyi qo’riqxonasi hududida turizmni rivojlantirish va xorijlik mehmonlarga ko’rsatilayotgan xizmatlar sifatini hamda, muzey qo’riqxonasi hududida istiqomat qiluvchi mahalliy aholining maishiy turmushini yaxshilash, shaharning ichida komunikatsiya, ichimlik va oqova suvlar, gaz ta’minoti tizimlarini yangilash ishlari olib borilmoqda. Shunga ko’ra xozirda, muzey qo’riqxonasi hududida hukumat qarori bilan mavjud eski ichimlik va oqova suv tizimlari yer tagidan qazib olinib ularni tubdan yangilash ishlari olib borilmoqda. Mazkur qurilish yangilash ishlarida tuproq ostida yotgan ming yillik osori-atiqalar, madaniy yodgorliklarga zarar yetkazmaslik maqsadida olib borilayotgan arxeologik tekshiruv ishlarida Xorazm Ma’mun akademiyasi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” bo’limi ilmiy xodimlari Dilmurod Bobjonov va Shohruxmirzo Ismoilov muntazam ravishda ishtirok etib kelishmoqda. Kuni kecha Xiva shahrining “Ichon qal’a” davlat muzey qo’riqxonasi hududidagi ta’mirlash ishlari chog’ida bundan bir necha yillar oldin yopib tashlangan quduq og’zi ochildi. Biroq, uning noan’anaviy ko’rinishi turli xil farazlarga sabab bo’lmoqda. Chunki, bu quduq boshqa suv quduqlari kabi pastdan tepaga torayib ketmasdan uning barcha qismida diametri bir xil ya’ni, 2,60 sm ni tashkil qiladi. Chuqurligi 5,60 sm ga teng. Qadimgi an’anaga ko’ra quduqning asosi ya’ni fundament qismiga Xorazm sharoitida ko’p uchrovchi daraxt, tut yoki gujumdan yog’och poydevor o’rnatilgan. Yog’ochning qalinligi 16 sm atrofida. Quduq devorlariga 25x25x6 sm o’lchamdagi pishgan g’isht nozik did bilan terilgan. G’ishtlar yuzasida rombsimon belgilar mavjud. Quduq taxminan bundan 100-150 yil oldin qurilgan.
Bir qarashda qadimda nima maqsadda foydalanilganligini tahmin qilish mushkul bo’lgan quduq haqida xozircha ikki xil faraz bor.
Birinchi faraz, XX asr boshida quduqqa yaqin joyda Polvon qori savdo uyi qurilgan. O’z navbatida, qurilishda suvga bo’lgan ehtiyoj sabab mazkur quduq qazilgan va undan suv olish maqsadida ishlatilgan. Quduq uchun ishlatilgan g’ishtlar bugungi kungacha juda yaxshi holda saqlangan va ular shakli, o’lchami jihatidan o’sha davrlarda madrasalar qurilishida ishlatilgan g’ishtlar bilan bir xil. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, haqiqatdan quduqning yoshi aynan Polvon qori savdo uyi qurilgan davrga borib taqaladi va so’ngi 100-150 yilga borib taqaladi. Lekin shuni ham aytish joizki, o’sha davrlarda poytaxt shaharning atrofida asosan ma’muriy binolar joylashgan maydoni markazida quduq qazilishi va undan turli ehtiyojlar uchun suv olinishi biroz notabiiy holat.
Ikkinchi farazga ko’ra, yuqorida aytilgan siyosiy maydon ekanligi sabab mazkur quduqni zindon deb taxmin qilish mumkin. Chunki, quduq diametri jihatdan odatiy suv quduqlaridan anchagina katta. Ya’ni, unga joylashtirilgan maxbus yelkalari va oyoqlari yordamida devorlarga tirangan holda chiqib ketishining iloji yo’q. Qolaversa, quduqni tozalash jarayonida undan bitta choyjosh topilgan. Lekin, Xorazm tarixidagi biror-bir obidadan bungacha yer ostida joylashgan zindonlar topilmagan.
Ammo har ikkala faraz ham hozirda hech qanday asosga ega emas. Chunki o’tmishda, shu kabi maydonlarda yomg’ir suvi to’plashga mo’ljallangan quduqlar qazilganligi ma’lum. Bu borada muayyan bir ilmiy xulosaga kelish va borasida xozirgi kunda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.