Khorezm Mamun academy

Xotira aziz qadr muqaddas

08-05-2024     News

“Ikkinchi jahon urushi yillarida Xorazm xotin-qizlari hayoti va faoliyati” mavzusida tadqiqot olib borayotgan Xorazm Ma’mun akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi kichik ilmiy xodimi F.Jumaniyazova 2024 yil 7 may kuni Xorazm viloyati Yangiariq tumani Qo‘riqtom qishlog‘ida istiqomat qilayotgan 101 yoshni qarshi olgan (1923-yilda tug‘ilgan) Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi,  snayper, Moskva shahri mudofaasida, Smolensk yo‘nalishidagi janglarda qatnashgan Matniyozov Amin otani holidan xabar oldi. Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, Xorazm viloyatida urush boshlangan davrda 323 000 aholi istiqomat qilgan bo‘lib, ularning 132 340 nafari frontga safarbar etilgan, shulardan halok bo‘lganlar  35345 nafar, bedarak yo‘qolganlar  53058 nafar, nogiron bo‘lib qaytganlar 13211 nafar, asir tushganlar  276 nafar, urushdan qaytib kelganlar 30450 nafarni tashkil qiladi. Viloyatda 4 nafar kishi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini olgan bo‘lib, bittasi ayol kishidir.  Bir nafar kishi “Shuhrat” ordenini to‘la kovaleri bo‘lgan. Urush frontlarida viloyat harbiy qismlaridan ro‘yhatdan o‘tib frontga 305 nafar qizlar jo‘natilgan, qo‘shni davlatlardan urushga 37 nafar xorazmlik ayollar safarbar qilingan, qurilish batalonlariga esa 580 nafar viloyat xotin-qizlari ketganligi tadqiqotchi tomonidan arxiv materiallari asosida aniqlandi va ilmiy  muomalaga kiritildi. Frontda bo‘lgan va yurtiga sog‘-omon qaytib kelib, hozirda qarilik gashtini surib yashayotgan xorazmlik urush qatnashchilarining soni 5 nafarni tashkil qiladi. Bu kishilar Qo‘shko‘pir, Urganch, Gurlan, Yangiariq, Hazorasp tumanlarida istiqomat qilishmoqdalar.