Xorazm Ma'mun akademiyasi

“XORAZM JADIDLARI: ISLOHOTLAR, TA'LIM VA ADABIYOT” NOMLI MONOGRAFIYA NASHR ETILDI

08-05-2024     So'nggi yangiliklar

Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Umid Bekmuhammad va filologiya fanlari nomzodi, dosent Sayyora Samandar hammuallifligida Urganch shahridagi “Milleniumus print” nashriyotida “Xorazm jadidlari: islohotlar, ta'lim va adabiyot” nomli monografiya nashr etildi. Monografiyaga so‘zboshini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Abdulla Qodiriy uy-muzeyi direktori Xondamir Qodiriy yozgan.

Monografiyada Ismoilbek Gasprali tomonidan Qrimda boshlangan jadidchilik harakatining turkiy musulmon xalqlari tarixi, taqdirida tutgan muhim o‘rni, shuningdek “Tarjimon” gazetasida 1883-1916 yillarda Xorazmdagi jarayonlarga oid 158 ta maqolaning chop etilgani, ushbu maqolalarning tarixni o‘rganishdagi ahamiyati tahlil etiladi.

Xiva xonlari Feruzxon, Asfandiyorxon va bosh vazir Islomxo‘ja tomonidan davlatda o‘zgarishlar yasagan islohotlar va uning xalq hayotiga, jamiyatga ko‘rsatgan ta'siri, arxiv ma'lumotlari, o‘sha davrga oid boshqa manbalar orqali yoritib berilgan.

Bundan tashqari Xorazmda jadidlar tomonidan tashkil etilgan maktablar, ulardagi o‘qish, o‘qitish uslubi, dastlabki jadid o‘qituvchilari, ularning faoliyati ham ilk bora tahlil qilingan.

Eng asosiysi shu paytgacha Xorazmda jadid adabiyoti, uning namoyandalari faoliyati tadqiq qilinmagandi. Mualliflar jadid huquqshunosi Bobooxun Salimovning she'riyatini, Husayinbek Muhammadning ham Noziriy taxallusi bilan ijod qilgani, 1910-13 yillarda Xorazmda o‘qituvchilik qilgan Muhammadsharif So‘fizoda va 1921-23 yillarda Xorazmda teatrga asos solgan, dramalar, she'rlar yaratgan Hamza Hakimzodaning ham ijodini tahlil  qilib berishgan.

Shuningdek ma'rifatparvar shoir Avaz O‘tarning jadidchilik g‘oyalari asosidagi “Til”, “Maktab”, “Hurriyat” singari she'rlarini yangicha qarashda  tahlil etiladi. Avaz O‘tarning  sil  kasaliga chalinib, davolanish uchun Kavkaz va Qrimga (1905-1906) borishi va Bokuda ozarbayjon jadid maktablari faoliyati bilan tanishgani, Tohirzoda Sobir (1860-1911) singari shoirlar bilan uchrashib do‘stlashgani va ular bilan keyin ham ijodiy aloqada bo‘lgani yoritib beriladi. Shu kabi Avaz O‘tar Ozarbayjonda Sulton Majid G‘anizoda (1886-1937) tomonidan tashkil etilgan maktablar faoliyati bilan tanishadi. Safarali Valibeyov (1861-1902)ning “Vatan tili”, “Usuli jadid”, “Lisoniy forsiy” nomli asarlari va “Xazinai axbor” nomli ikki jildlik qomusiy lug‘atini ham Xorazmga olib keladi.

Bundan tashqari, 1913-18 yillarda Istanbul universitetida tahsil olgan Bekjon Rahmonning hayoti, faoliyati keng yoritiladi va 1920 yilda Bokuda o‘tkazilgan Sharq xalqlari qurultoyi, 1926 yildagi Turkshunoslikka oid Boku qurultoyidagi ishtiroki, ozarbayjonlik davlat arbobi Samadog‘a Ag‘amali bilan do‘stona aloqalari ham tarixiy faktlar asosida tadqiq qilingan.

Monografiya Xorazm jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan dastlabki ilmiy, keng qamrovdagi fundamental asardir.

Ushbu monografiya haqida Ozarbayjonlik professor Almaz Ulviy tomonidan “Azertag” axborot agentligi saytida “Azərbaycan maarifçilərinin Xarəzm cədidçiləri ilə əməkdaşlıq tarixindən bəhs edən monoqrafiya çapdan çıxıb” sarlavhali maqola ham e’lon qilindi. https://azertag.az/xeber/azerbaycan_maarifchilerinin_xarezm_cedidchileri_ile_emekdasliq_tarixinden_behs_eden_monoqrafiya_chapdan_chixib-2980609