Хорезмская академия Маъмуна

Xorazm Ma'mun akademiyasida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi

26-09-2024     Новости

Xorazm Ma’mun akademiyasida 19-20 sentabr kunlari «Oʻzbekistonda tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqotlari va ilm-fan integratsiyasi» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida o‘tkazilgan bo‘lib, tabiiy fanlar, uning oʻqitilishi va ishlab chiqarish sanoati uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasida “Ilmiy tadqiqot va innovatsiya faoliyatini ragʻbatlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish” boʻyicha alohida vazifalar belgilangan. 2020-yil 12-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari  toʻgʻrisida»  gi PQ-4805-son Qarori qabul qilindi. Ushbu qaror mamlakatimizda tabiiy fanlarni rivojlantirish, ushbu yoʻnalishlarda ta’lim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish ustuvor vazifalari qatorida belgilandi. Mazkur faoliyatga tegishli va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ushbu anjuman xulosalari muayyan darajada xizmat qilishi shubhasizdir.

Anjumanda mamlakatimizning turli universitetlari va ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, olimlar va mutaxassislar qatnashdilar. Tadbirning asosiy maqsadi Oʼzbekistonda tabiiy fanlarning rivojlanishi, ularning zamonaviy tadqiqotlar bilan integratsiyasi va bu sohadagi dolzarb muammolarni muhokama qilish edi.

Anjumanda soʼzga chiqqanlar ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlar, innovatsion yechimlar hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida maʼruzalar taqdim etdilar. Shuningdek, yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, tabiiy fanlarning iqtisodiyot va jamiyat rivojiga qoʼshadigan hissasini oshirish yoʼllari koʼrib chiqildi.

Bir so‘z bilan aytganda anjuman ko‘tarinki ruhda, qiziqarli savol-javoblar, bahs-munozaralarga boy boʼldi, unda talabalar, oʼquvchi yoshlar, qiziquvchi tadqiqotchilar ham qatnashdilar va oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.