Хорезмская академия Маъмуна

Xorazm Ma’mun akademiyasining Katqa’la arxeologik ekspedisiyasi navbatdagi tadqiqotlarini yakunladi

15-06-2022     Новости

Xorazm Ma’mun akademiyasining Katqa’la arxeologik ekspedisiyasi navbatdagi tadqiqotlarini yakunladi. Ekspeditsiya rahbari katta ilmiy hodim B.P.Sadullayevning ta’kidlashicha, tadqiqotlar davomida shaharsozlik madaniyatini aks ettiruvchi arxaik va antik davr me’moriy inshoot va turar joylar qoldiqlari, mudofaa devori qoldiqlari o’rganildi. Keying ikki yil davomida Kat-qal’aninig garbiy hududida amalga oshirilgan izlanishlar eng qadimgi me’moriy inshoot qoldig’ini va ko’plab manjetsimon gardishli arxaik davr sopollarini qayd qilish imkonini berdi. Bunday tipdagi o’xshash sopollar Xorazmning arxaik davr yodgorliklarida (Ko’zali-qir, Xumbuztepa) ham o’rganilgan bo’lib, yodgorlikning tarixini yangi xronologik bosqich bilan to’ldiradi va uning vujudga kelishi tahminan 100-150 yilga qadimiylashib, mil.av. VI-V asrlarga borib taqalishini ko’rsatadi.


So’nggi antik davrga taalluqli o’rganilgan turar-joylar qoldiqlari shaharning g’arbiy qismida aholi istiqomat qilganligini isbotlaydi.
G’arbiy devor yaqinida qazilgan transheya antik davr mudofaa devorlarining ichki devori qoldiqlarini aniqlashga imkon berdi va uning butun perimetr bo’ylab joylashganligini ko’rsatadi.
Topilmalar ichida antik davrga oid haykalchalar, bus-butun aniqlangan sopol qozonlar ham o’rganildi. Aniqlangan haykalchalarning ba’zilari noyob hisoblanadi va qadimgi Xorazmning haykaltaroshlik san’atiga doir yangi ma’lumotlarni taqdim etadi. Hozircha Xorazm va yaqin qo’shni tarixiy hududlarda topilgan haykalchalarning tahlili ularga o’xshash variantlarning mavjud emasligini ko’rsatadi.
Shunungdek topilmalar orasida rivojlangan o’rta asrlarga tegishli xumlar qoldiqlari, butun holatda aniqlangan sopol ko’zalar ham mavjud bo’lib, IX-XI asrlarda shaharda hayot mavj urganligidan dalolat beradi.

  

  

  

  
Shu bilan birga ikki oy davom etgan tadqiqotlar jarayonida 2022 yil 16-21 may kunlari Frantsiyaning Loy arxitekturasi xalkaro markazi (CRAterre) yetakchi ilmiy xodimi SHamsia Sadozai boshchiligida YeTTB ning Xorazmdagi Integrallashgan Madaniy Meros Dasturi doirasida Loy arxitekturasida qo’llaniladigan zamonaviy usullar buyicha bir haftalik seminar-trening bo’lib o’tdi.
Seminar-treningda qazib ochilgan arxeologik ob’ektlarni konservatsiya qilish bo’yicha jahon tajribasida qo’llanilayotgan zamonaviy va an’anaviy uslublardan foydalanildi. Tajriba sifatida bir necha xil tuproqdan somon va turli ingredientlar aralashgan loy qorishmalar tayyorlanib, ochilgan inshoot qoldiqlari konservatsiya qilindi hamda ulardan eng samarali uslubi tanlanib, kelajakda mahalliy sharoitlarni e’tiborga olgan holda arxeologik ob’ektlarni konservatsiya qilishga tavsiya berildi.


O’z navbatida ushbu ekspeditsiya faoliyatida Fanlar akademiyasi va Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy tadqiqotlardagi o’zaro integratsiya jarayonlari ham aks etdi. Ma’mun akademiyasining Kat-qal’adagi arxeologik tadqiqotlarida ta’lim jarayonida arxeologiya sohasidagi nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida Urganch davlat universiteti Tarix fakultetining arxeologiya va tarix yo’nalishi talabalari arxeologik dala tadqiqotlari amaliyotini o’tab, o’z bilim, ko’nikma va malakalarini oshirishga muvaffaq bo’ldilar.