Khorezm Mamun academy

Xivadagi tarixiy obidalarda nega termitlar ko‘paymoqda? Mutaxassis bilan suhbat

13-05-2022     News

Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, termitlar tarqalishini oldini olish va ularga qarshi kurashish laboratoriyasi mudiri Zafarbek Matyoqubov Xivadagi tarixiy majmualarda termitlarning ko‘payish sabablari va unga qarshi kurashish borasidagi ishlar haqida “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovga intervyu berdi.

Zafarbek Matyoqubovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda Ichan qal’ada 57 ta tarixiy obida bo‘lib, shundan 33 tasiga termitlar zarar yetkazmoqda.

“Biz turgan mazkur Juma masjidida ham termitlar bor. Bu yerda termitlarning paydo bo‘lishi va ko‘payishining asosiy sababi shuki, ushbu binoga havo kirmaydi. Avallari masjidning tepa qismidan ikkita joy ochiq bo‘lgan. Keyinchalik ta’mirlash natijasida bu ochiq joylar yopib qo‘yilgan va hozirgi kunda faqat yorug‘lik tushib turadi xolos. Bino atrofidagi darchalar ham oyna bilan berkitilgan. Natijada shamollatish tizimi deyarli yo‘q bo‘lgan, faqat bitta eshik kunduzi ochiq turadi xolos. Ammo havo aylanmaydi.

 Masjid ichida ikkita joyga gullar ekilgan. Ularga suv quyilishi oqibatida namlik yana-da yuqori bo‘ladi va bu orqali termitlarning ko‘payishiga qulay sharoit yaratiladi”, — deydi u.

Biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorining aytishicha, bu zararkunanda hasharotlar asosan bahor va kuzda ko‘payadi.

“Termitlar ko‘payishining oldini olish maqsadida bu masjiddagi 213 ta ustunni har hafta monitoring qilib boramiz. Kimyoviy, biologik va fizikaviy usullar orqali kurashyapmiz. Bu usullar yaxshi samara beryapti.

Ichan qal’adagi termitlar mavjud bo‘lgan 33 ta tarixiy obidalarda ham shamollatish tizimi yo‘q, havo kirmaydi. Qisqasi, ularda termitlarning ko‘payishi uchun qulay sharoitlar tug‘ilgan. Shunga qaramay, biz bir qancha usullar orqali bularga qarshi kurashyapmiz, oldini olyapmiz.

YUNESKO va Innovatsion rivojlanish vazirligiga termitlar ko‘paymasligi, namlik miqdorini kamaytirish bo‘yicha bir qancha takliflar bilan chiqqanmiz. Misol uchun, Juma masjidning yorug‘lik tushib turuvchi tepa qismlariga shamollatish tizimlarini joriy qilish, atrofdagi darchalarga ham ventilyatorlarni o‘rnatish takliflarini bildirganmiz”, — deydi Zafarbek Matyoqubov.

U intervyu davomida termitlar tarqalishini oldini olish va ularga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida ham gapirdi.

“Bugungi kunda binolarda termitlarni masofadan aniqlash detektori va sonini boshqaruvchi qurilma yaratilmoqda. Shuningdek, laboratoriya sharoitida termitlarda kasallik chaqiruvchi zamburug‘larning yangi shtammlarini ajratib olish bo‘yicha tajribalar olib borilyapti.

“Kalta minor”, “Yangi turmush”, “Ichan qal’a” kabi mahallalarda termitlar tarqalishini aniqlash bo‘yicha mahalla raislari bilan monitoring olib borish rejalari ishlab chiqildi. Xiva shahridagi “Lokomativ” istirohat bog‘ida daraxtlarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish yuzasidan ilmiy izlanishlar ham qilinmoqda.

Shuni alohida aytish kerakki, termitlar tarqalishining oldini olish uchun hozirda 20 ta chumoli turini aniqladik. Bu chumolilarning ikkita turi termitlar bilan oziqlanib, ularga qirg‘in keltirishini va tanasida zamburug‘ saqlashini o‘rgandik. Termitlarda noqulay sharoit yuzaga kelganda bu zamburug‘lar o‘zlarini patogenlik xususiyatini namoyon qilib, termitlarda kasallik chaqiradi. Ayni paytda Juma masjidda termitlarga qarshi kurashish uchun chumolilardan foydalanganimiz natijasida yaxshi samaradorlikka erishilmoqda”, — deydi Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi.