Khorezm Mamun academy

XORAZM MA’MUN AKADEMIYASI QOSHIDA XO’JALIK HISOBIDAGI MATBAA BO’LIMINING ISH FAOLIYATI TO’G’RISIDA NIZOM

15-06-2017     Publishing office
  1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Xorazm Ma’mun akademiyasi qoshidagi matbaa bo’limi O’zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo’mitasining № 65-sonli buyrug’i asosida tashkil qilingan. O’zbekiston Matbuot va axborot agentligining 2009 yil 19 avgustdagi № 145-sonli buyrug’i bilan qayta tashkil etilgan. Matbaa bo’limi O’zbekiston Matbuot va axborot agentligining 2013 yil 29 noyabrdagi reestr № 23-0265 raqamli matbaa korxonasini ro’yxatga olganlik haqidagi guvohnomasiga ega. Guvohnoma har besh yilda qayta olinadi.

1.2. Matbaa bo’limi o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari hamda mazkur Nizomga asosan ish ko’radi.

1.3. Matbaa bo’limi Xorazm Ma’mun akademiyasiga qarashli bo’lib, xo’jalik hisobi asosida ish yuritadi. Mustaqil balansiga ega emas, akademiya maxsus hisob raqamidan foydalanadi. Moliyaviy ishlar Xorazm Ma’mun akademiyasiining buxgalteriyasi tomonidan olib boriladi.

1.3. Manzili: 220900, Xiva shahri, Markaz-1. Tel: (0362) 3757001; 3755181.

 

  1. MATBAA BO’LIMINING VAZIFALARI VA FAOLIYATI

2.1. Matbaa bo’limi matn terish, original maket tayyorlash, matbaa dizayni, broshyura, avtoreferet va blank mahsulotlarni chop etadi.

2.2. Matbaa bo’limi o’zining xo’jalik ishlab chiqarish faoliyatida quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

  1. a) o’z mahsulotini tannarxini belgilaydi va uning sifatini oshirish choralarini ko’radi;
  2. b) shartnoma asosida davlat korxonalari, shirkat va hissadorlik jamiyatlaridan mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan ehtiyot qismlar, moslamalar, qog’oz va boshqa xom-ashyolarni sotib oladi;
  3. v) matbaa bo’limi o’z faoliyatini yaxshilash maqsadida ishlab chiqarish va kantselyariya mahsulotlarni sotish shahobchasini ochish mumkin;
  4. g) matbaa bo’limi o’z ish faoliyatini rivojlantirish uchun yangi zamonaviy matbuot moslamalari va uskunalarini sotib olib, o’rnatadi.

2.3. Matbaa bo’limiga tushirilgan kirim hisobidan amaldagi qonunlarga muvofiq ish haqiga 27 % gacha, ijtimoiy himoyalash va mukofotga 7 %, xom-ashyo xarid qilishga 40 %, boshqa xarajatlarga 26 % mablag’lar ajratadi.

 

  1. BOSHQARISH VA NAZORAT

3.1. Matbaa bo’limi moddiy javobgarligi Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi tomonidan tayinlagan mas’ul xodimga yuklatiladi.

3.2. Mas’ul xodim ishlab chiqarish va xo’jalik ishlari uchun sarflanadigan mablag’ va xom-ashyolarni tejab ishlatish choralarini ko’radi.

3.3. Akademiya bosh hisobchisi ma’muriyat roziligi bilan shartnomalar tuzadi, xom-ashyo yetkazib beruvchilar, buyurtma beruvchilar va boshqalar tashkilot hamda shaxslar bilan o’z vaqtida hisob-kitobni ta’minlaydi.

3.3. Matbaa bo’limining mas’ul xodimi, texnik muharriri, kesuvchisi, sahifalovchisi va boshqa xodimlari akademiya raisi tomonidan ishbay usulida ishga qabul qilinadi va ishdan bo’shatiladi. Ular o’zlariga topshirilgan ishlar uchun to’la javobgardirlar.

 

  1. MATBAA BO’LIMINI TUGATISH TARTIBI

4.1. Matbaa bo’limi faoliyati amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda tugatiladi.

Xorazm Ma’mun akademiyasi Ilmiy kengashining 2016 yil 22 yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan.