Xorazm Ma'mun akademiyasi

XORAZMDA YIRIK ILMIY ANJUMAN

23-05-2017     So'nggi yangiliklar

2017-yil 17-19-may kunlari Xorazm viloyatida “Xorazm vohasi tarixi jahon tsivilizatsiyasida” mavzusida 3-kunlik katta ilmiy tadbir bo’lib o’tdi.

Ilmiy tadbir doirasida 17-may Xiva shahrida Xorazm Ma’mun akademiyasida akademik Yahyo G’ulomov nomidagi ilmiy-amaliy seminarning “Xorazm Ma’mun akademiyasining jahon ilmiy-madaniy merosida tutgan o’rni” mavzusida 74-yig’ilishi, 18-may – Urganch shahrida O’zR FA Tarix instituti, Xorazm Ma’mun akademiyasi va Urganch davlat universiteti hamkorligida “Xorazm tarixi o’qishlari” turkumining “Xorazm vohasi O’zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tarixi kontekstida: yangi ilmiy tadqiqot natijalari” mavzusidagi 1-yig’ilishi va 19-may – Urganch shahrida Urganch davlat universitetida  Tarix fakulteti talabalari uchun tarixchi olimlarning mahorat darslari bo’lib o’tdi.

Xiva shahrida o’tkazilgan Ya.G’ulomov seminari Xorazm Ma’mun akademiyasi tarixi va hozirgi faoliyatini o’rganish bo’yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar muhokamasiga bag’ishlangan. Seminarni  Xorazm viloyati hokimining o’rinbosari Sh.Yu.Xo’janiyozova ochib berdi. O’zR FA vitse-prezidenti t.f.d. B.A.Abduhalimov, Xiva tuman hokimi E.O.Yaqubov, UrDU rektori f-m.f.d. B.I.Abdullaev, O’zR FA Tarix instituti prof. R.M.Abdullaev, Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi q-x.f.n. Sh.Yu.Kadirovlar tabrik uchun so’zga chiqdilar.

O’zR FA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi, t.f.d., prof. A.A. Ahmedovning “Xorazm Ma’mun akademiyasida aniq fanlarning o’rganilishi va uning jahon fanidagi o’rni”, O’zR FA Abu Rayhon Beruniy nomli SHarqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi t.f.n. O.Bo’rievning “Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy merosining keyingi asrlar ilm fani rivojiga ta’siri”,   O’zR FA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik instituti direktori t.f.d. B.A. Abduhalimovning “Xorazm Ma’mun akademiyasini rivojlantirish istiqbollari” va Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi M.S. Abdullaevning “Xorazm Ma’mun akademiyasida ijtimoiy-gumanitar fanlar rivoji (1998-2016 yillar)” mavzularidagi dolzarb ma’ruzalar tinglandi.

Ayniqsa, B.A. Abduhalimovning “Xorazm Ma’mun akademiyasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ma’ruzasi ko’pchilikda katta qiziqish uyg’otdi va bahs-munozaralarga boy bo’ldi. Mazkur ma’ruzada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning 2017-yil 27-yanvarda Xorazm viloyatiga tashrifi vaqtida Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy yo’nalishlarini kengaytirish, tadqiqotlar samaradorligini oshirish va amaliyotga keng jalb qilish yuzasidan bildirgan fikrlari va O’zR VMning 211-sonli qarori ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

18-may kuni Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida “Xorazm vohasi O’zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tarixi kontekstida: yangi ilmiy tadqiqot natijalari” mavzusidagi ilmiy anjuman bo’lib o’tdi. Yalpi majlisda t.f.n. S.R.Baratov, BA akademigi A.A.Hakimov, prof. E.E.Karimov, t.f.d. M.M.Ishoqov, t.f.n. F.Maqsudovlarning qiziqarli ma’ruzalari tinglandi. Tushlikdan so’ng anjuman o’z ishini uch sho’’baga bo’lingan holda davom qildirdi. 1-sho’’ba Tarix, 2-sho’’ba Tarixshunoslik va manbashuoslik hamda 3-sho’’ba Arxeologiya, etnologiya va san’atshunoslik bo’yicha ma’ruzalar tinglandi. Anjumanda 60 dan ortiq ma’ruzalar eshitildi.

Anjuman ishida O’zR FA tizimidagi institutlar ilmiy xodimlari, Oliy va o’rta-maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi oliygohlar professor-o’qituvchilari, katta ilmiy xodim izlanuvchilar, magistrantlar, iqtidorli talabalar hamda Xalq ta’limi vazirligi Xorazm viloyati pedagog xodimlar malakasini oshirish instituti tinglovchilari ishtirok etdilar.

19- mayda Xorazm vohasidagi oliy o’quv yurtlarining ijtimoiy-gumanitar yo’nalishlari professor o’qituvchilari, yosh olimlar va talabalari uchun tarix, arxeologiya, etnologiya va san’atshunoslik sohalari hamda  ushbu yo’nalishlarning nazariy-metodologik masalalari bo’yicha mahorat darslari tashkil etildi. Mahorat darslari respublikamizning yetakchi olimlari – O’zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi akademigi A.A.Hakimov, professorlar – D.Alimova, M.Ishoqov, E.Karimov, D.Ziyozeva, M.Rahimov, A.Ashirov, fan nomzodlari – N.Allaeva, S.Baratov, F.Maqsudov, A.Malikovlar tomonidan o’tkazildi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari UrDU qoshidagi 2-son Akademik litseyda ham mahorat darslari o’tkazdilar.

Mana bu 3-kunlik katta ilmiy tadbir Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyatini yanada rivojlantirish, xorazmlik tarixchilarni faollashtirishga qaratilgan. Bunday anjumanlarni tez-tez o’tkazib turilsa, xorazmlik mutaxassislar safi yanada kengayadi. Ilmiy muloqotlar ular uchun markazdagi va xorijiy olimlar bilan bahs-munozara olib borishlariga ulkan imkoniyatlar eshigini ochib beradi.