Xorazm Ma'mun akademiyasi

MAHORAT DARSLARI

13-05-2017     So'nggi yangiliklar

Sayyohlar uchun

2017 - yil 27 - yanvarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Xorazm Ma’mun akademiyasiga tashriflari chog’ida Xorazmga kelayotgan har bir sayyoh avvalo akademiyada olimlardan Xorazm tarixini, uning asoslarini o’rganib, keyin “Ichon qal’a”ga kirishi mantiqan to’g’ri ekanligi haqida fikr bildirgan edilar.

Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimlari, Urganch davlat universiteti tarix kafedrasi o’qituvchilari Bahrom Sadullaev va Masharib Abdullaevlar 2017 - yil 6 - may kuni Xorazm Ma’mun akademiyasi qoshidagi “Xorazm tarixi va madaniyati” doimiy ekspozitsiyasida Hindiston Respublikasining bir guruh sayyohlari uchun mahorat darsi (master klass) tashkil etdilar.

Arxeolog B.Sadullaev “Xumbuztepa – O’rta Osiyoning eng qadimgi kulolchilik markazi”, san’atshunos tarixchi M.Abdullaev “Xorazm zargarlik san’ati: an’analar va innovatsiyalar” mavzusida master klass o’tkazdilar.

Mahorat darslari jarayonida turli eksponatlar ko’rsatilib, tushuntirishlar berilishi mehmonlarni qadimiy Xorazm tarixiga qiziqishlarini yanada orttirdi.

 

Talabalar uchun

Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimlari, Urganch davlat universiteti tarix kafedrasi o’qituvchilari Bahrom Sadullaev va Masharib Abdullaevlar 2017 - yil 29 - aprel kuni Urganch davlat universiteti Tarix fakulteti Tarix yo’nalishi 2-kurs talabalari uchun UrDU ARM zalida mahorat darslari tashkil etdilar.

Arxeolog B.Sadullaev “Arxeologik hisobotni tayyorlashda Photoshop grafik dasturidan foydalanishning ahamiyati (chizilgan sopol idishlar eskizlari misolida)”, san’atshunos tarixchi M.Abdullaev “Xorazm kulolchiligi: rivojlanish jarayonlari” mavzusida mahorat darsi o’tdilar.

Mahorat darslarida UrDU professor-o’qituvchilari, yosh olimlar, “Kichik akademiya” a’zolari, iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Mahorat darslari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg’otdi.

 

Xorazmda yirik tarixchi olimlarning mahorat darslari

2017 - yil 17-19 - may kunlari Xorazm Ma’mun akademiyasi va Urganch davlat unversiteti Tarix fakultetida “Xorazm vohasi tarixi jahon sivilizatsiyasida” nomli yirik ilmiy tadbir bo’lib o’tadi. Tadbir davomida 17 - may Xiva shahrida – Akademik Yahyo G’ulomov nomidagi “O’zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” Respublika ilmiy seminarining 74-yig’ilishi, 18 - may Urganch shahrida – “Xorazm tarixi o’qishlari” 1 Respublika konferentsiyasi va 19 - may Urganch shahrida – respublikamizning yetakchi tarixchi olimlari mahorat darslari o’tkaziladi.

Barcha qiziquvchilarni ilmiy tadbirlarga taklif etamiz.

Ma’lumot uchun: +998975127001 Masharib.