Xorazm Ma'mun akademiyasi

“1000 YILLARGA KAFOLATLI” MINORA!

06-06-2017     So'nggi yangiliklar

“1000 YILLARGA KAFOLATLI” MINORA!

 Ushbu minora Xiva xoni Isfandiyorxonning Bosh vaziri, buyuk islohotchi Islom Xo’ja homiyligida  tiklangan.

 Qadimiy Xivaning mashhur osmono’par minorasi hisoblangan Islomxo’ja minorasi 1908-1910 yillarda madrasa bilan bir vaqtda qurilgan.  Ushbu purviqor minora na faqat Islomxo’ja madrasasini balki,  butun shahar qiyofasini bezab turadi. Balandligi 50,5 metr va diametri 9,5 metr bo’lgan minora tepasiga 120 zinadan chiqiladi. Minorani  Xudoybergan Xoji, Eshmuhammad Xudoyberdiev, Bolta Vaisov, Madaminov kabi mashhur ustalar koshin ishlarini  o’ta mohirona ishlaganlar.

Islomxo’ja minorasi O’zbekistondagi eng baland minora hisoblanandi. Minora tanasi yuqoriga tomon keskin noziklashib ketganidan u yanada balandroq ko’rinadi. Mohir ustalar minoraning diametrini balandlik ortgani sayin  kamaytirib borganlar,  ya’ni yer sathida DT =9,5 m bulsa, uning eni yuqori qismidagi qiymati DT =3,5 m ga  teng.

Minoradek murakkab inshootning poydevori qanday tiklangan ekanligi na faqat mutaxassislarni balki, barchani qiziqtiradigan mavzular sirasiga kiradi. SHu xususda Xorazm Ma’mun akademiyasining FA-A14-001 - «Bino va inshootlar zilzilabardoshligini ta’minlashning aktiv usullarini yaratish»  mavzusi bo’yicha grant rejasiga asosan 2017 yil 9-10-aprel kunlari Xiva shahridagi Islom Xo’ja minorasining poydevori va zamini birinchi marta ochib o’rganildi.

  

Tadqiqot natijalariga ko’ra, minora poydevori pishgan g’isht va “mo’’jizaviy” elastik qurilish materiali ganch qorishmasi bilan “pog’onasimon” shaklda terib chiqilgan. Eng ajablanarlisi, poydevor ostidan pishgan g’ishtdan maxsus “lenta” (balandligi N=6 qator g’isht, eni 4metr) ishlangan bo’lib, ushbu g’isht lentalar simmetrik ravishda 2ta tomoni to’rtburchak va 2ta qarama qarshi tomonlari uchburchak shaklda zilzilabardosh qilib ishlangan. Ushbu lentalar tagidan esa zamin qismigacha pishgan g’isht va ganch qorishmasi bilan tekis shaklda maxsus platformalar (balandligi N=10 qator g’isht, aylanasi 16metr)ishlangan.

Qadimgi usta-me’morlarning minoradek murakkab inshootning poydevorini murakkab shaklda mustahkam va zilzilabardosh qilib ishlaganliklarini guvohi bo’lgan tex.f.n., grant rahbari G.S.Durdieva rahbarligidagi akademiyaning bir guruh mutaxassislar  ushbu minoraning poydevori “1000 yilga kafolatlanilishi”ni qayd etib o’tishdi. Eng hayratlanarlisi shuki,  minoraning poydevori 110 yil davomida qurilgan  vaqtidan to hozirgi kungacha tashqi omillar ta’siridan hech qanday talofat ko’rmaganligi aniqlandi.

Islomxo’ja minorasining zaminidan olingan g’isht va tuproq namunalarining turli xil xususiyatlari laboratoriya sharoitida o’rganish davom ettirilmoqda.