Xorazm Ma'mun akademiyasi

ILMIY SEMINAR

30-06-2017     So'nggi yangiliklar

2017 yil 23 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida “Seysmologiya” instituti olimlari bilan seminar o’tkazildi. Seminarda O’zR FA “Ijtimoiy gumanitar fanlar bo’limi” boshlig’i - M.A.Raximov, “Seysmologiya” institutining laboratoriya mudiri, f.-m.f.d., k.i.x., - L.A.Xamidov, laboratoriya mudiri, k.i.x., f.-m.f.n. - U.A.Nurmatov, Xorazm viloyati madaniy meros obidalarini saqlash, foydalanish  va ilmiy ishlab chiqish inspektsiyasi xodimlari, Xiva tuman arxitektura bo’limi xodimlari, Urganch Davlat universiteti o’qituvchilari va talabalari, O’zR Favqulodda Vaziyatlar vazirligining Xorazm viloyati bo’limi va  tuman bo’limi xodimlari qatnashdilar.

“Seysmologiya” institutining laboratoriya mudiri f.-m.f.d. Lutfulla XamidovSuv omborlari hududlarining texnogen seysmikligi” mavzusida taqdimot qildi. U Yer yuzida har yili sodir bo’layotgan har xil kuchga ega bo’lgan mingdan ortiq zilzilalar minglab odamlar umriga zavol bo’lib, shahar va qishloqlarni vayronalarga aylantirayotganligi, natijada minglab odamlar qurbon bo’layotganligi va boshpanasiz qolayotganligi to’g’risida keng ma’lumotlar berdi.

Ayniqsa, u yer ostki zilzilalarning  va insonlar faoliyatidan kelib chiqadigan texnogen zilzilalarning salbiy ta’sirlari suv omborlari hududlaridagi to’g’onlarning buzilishlarga sabab bo’layotganligi, buning oqibatida mamlakatning iqtisodiy ahvoliga ham ma’lum bir qadar ziyon yetkazilayotganligi kabi bir qator muhim ahamiyatga ega masalalar to’g’risida ilmiy asoslangan dalillar, misollar yordamida to’xtalib o’tdi.

“Seysmologiya” institutining laboratoriya mudiri, k.i.x., f.-m.f.n. U.A.Nurmatov – “Markaziy Osiyo seysmikligining xususiyatlari” mavzusida ma’ruza qildi. Unda butun dunyo olimlari diqqatida bo’lgan zilzila, zilzila oqibatida ko’rilayotgan moddiy va moddiy bo’lmagan zararlarning miqdori yildan - yilga oshib borayotganligi, bunga ko’pgina xorijiy davlatlarda magnitudasi 4,0…6,4 ga teng bo’lgan kuchli zilzilalarni misol keltirib o’tdi. Zilzilani oldini olib bo’lmasada, unga qarshi chora-tadbirlarni qo’llash mumkinligi, ya’ni - bino va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash orqali, zilzila natijasida sodir bo’ladigan moddiy va moddiy bo’lmagan zararlar miqdorini kamaytirishga asos bo’lishi to’g’risida bir qator qimmatli fikrlarni aytib o’tdi.

Ishtirokchilar o’z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

“Seysmologiya” institutining olimlari bilan Xorazm Ma’mun akademiyasi o’rtasida o’zaro hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish uchun “Me’moriy yodgorliklarning zilzilabardoshlik xususiyatlarini o’rganish” mavzusi bo’yicha qo’shma  loyiha tayyorlashga qaror qilindi va ushbu qaror ijrosini ta’minlash Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy ishlar bo’yicha rais o’rinbosari G.S.Durdieva va katta ilmiy xodim A.K.Zargarovlar zimmasiga yuklatildi.