Xorazm Ma'mun akademiyasi

XIVА XONLIGI HАQIDА YANGI MONOGRАFIYA

23-01-2025     So'nggi yangiliklar

Xorazm Maʼmun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori Umid Bekmuhammad va tarix fanlari doktori, dotsent Sadoqat Matkarimovalar hammuallifligidagi yangi kitob Buxorodagi “Durdona” nashriyotida chop qilindi. “Xiva xonligi Rossiya mustamlakachiligi davrida. 1873-1917 yillar”deya nomlangan monografiyada Xiva xonligining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va mustamlaka davrida xonlik davridagi ijtimoiy-maʼrifiy, iqtisodiy jarayonlar tadqiq etiladi.
1873 yildagi istilodan to 1917 yilda kechgan voqeliklar, mustamlaka holatda ham jamiyatda islohotlar olib borgan taraqqiyparvarlarning saʼyi harakati, bu davrdagi agrar soha, sanoat, savdo, nemis mennonitlarining vohadagi faoliyati, jadidchilik harakati, shuningdek mustamlakachilikka qarshi xalq qoʼzgʼoloni, 1917 yildagi “Yosh xivaliklar”ning istiqlol sari intilishlari oʼsha davrga oid arxiv hujjatlari, vaqtli matbuot nashrlaridagi maʼlumotlar, memuarlar, ilmiy adabiyotlar orqali tadqiq qilinadi.