Xorazm Maʼmun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktor Umid Bekmuhammad va filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sayyora Samandar hammuallifligida Urganch shahridagi “Milleniumus print” nashriyotida “Bobooxun Salimov-jadid, davlat arbobi va shoir” nomli monografiya nashr etildi.
Monografiyada Xiva xonligi qozikaloni Salimoxun va uning tarixda muhim oʼrin tutgan sulolasi, xususan xonlik davrida qozi askar, qozikalon yordamchisi va jadidlarning “Yosh xivaliklar” partiyasi namoyondasi, “Idorai marshrutiya”-parlament raisi boʼlib faoliyat koʼrsatgan Bobooxun Salimov hayoti, ijodi tahlil qilingan.
Shuningdek, monografiyada Bobooxun Salimovning Xorazm respublikasida adliya noziri, bir qator davlatlardagi elchilik faoliyati arxiv hujjatlari, sulolaga oid kundaliklar asosida tadqiq etilgan.
Monografiyada Bobooxun Salimovning shoirligiga va jadid adabiyotida tutgan oʼrniga alohida eʼtibor berilgan va kundaliklari, sheʼrlari, noyob suratlari ham ilova qilingan.
Monografiya nafaqat oliy oʼquv yurtlarining bakalavr va magistrlari, doktorant va tadqiqotchilar uchun, balki tarix va adabiyotga qiziquvchi keng ommaga ham moʼljallangan.
Monografiya Xorazm jadidchilik harakatining yetuk namoyondasiga bagʼishlangan dastlabki ilmiy, keng qamrovdagi fundamental asardir.