Xorazm Ma'mun akademiyasi

GERMАNIYALIKLАR BILАN HАMKORLIKDА JUMА MАSJIDDА TАDQIQOT ISHLАRI BАJАRILMOQDА

24-03-2023     So'nggi yangiliklar

Xiva shahridagi Ichan-Qalʼa 1990-yil dekabr oyida YUNESKO tasarrufiga - jahon madaniyati va merosi ro'yxatiga kiritildi va shaharga “Xiva - ochiq osmon ostidagi muzey shahar” degan oliy maqom berildi. X-XX asrlar arxitektura yodgorliklarining Oʼrta Osiyoda yagona majmuasi, davlat arxitektura muzey - qoʼriqxonasi Ichan-Qalʼada 54ta tarixiy meʼmoriy obida mavjuddir. Mamlakatimizni jadal rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida shaharsozlik va meʼmorchilikni yanada takomillashtirish, meʼmoriy yodgorliklarni saqlash va ulardan oqilona foydalanish borasidagi muammolarni hal etish chora-tadbirlari belgilangan. Muhtaram Yurtboshimiz aytganidek, - “Madaniy meros obʼektlari xalqning bebaho boyligi, ularni asrash va avlodlarga bezavol yetkazish barchamizning burchimizdir. Yurtimizdagi tarixiy obidalarni saqlash va taʼmirlash, buyuk ajdodlarimizning qadamjolarini obod etish boʼyicha oldimizda hali qanchadan-qancha vazifalar turibdi” .
Shu xususda, Ichan-Qalʼa muzey qoʼriqxonasi hududida joylashgan - 213 ta yogoch ustun koʼtarib turgan “Juma Masjid” meʼmoriy yodgorligining turli salbiy taʼsirlardan saqlash va umrini uzaytirishga oid amaliy ishlar bajarish juda ham zarur. Chunki, Sobiq ittifoq davrida (1940-50 yy) Juma Masjid obidasida tumanning paxta va donini saqlash uchun omborxona vazifasini oʼtagan, natijada obidadan notoʼgʼri foydalanilgan. Hozirda, noyob yogʼoch ustunlar, tomyopma qismlarining koʼpchiligi biologik taʼsir hisoblangan - termitdan zararlangan. Shuningdek, yer osti suvlarining koʼtarilishi va atmosfera suvlari taʼsirida tomyopma qismi namlangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda “Xiva shahridagi 1000 yillik tarixga ega “Yogʼoch muzey” - Juma Masjidini saqlash va taʼmirlashda innovatsion yondoshuv” mavzusida grant loyihasi Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Germaniya Taʼlim va tadqiqotlar federal vazirligi (BMBF) hamkorlikdagi xalqaro ilmiy loyihalar tanlovida gʼolib deb topildi.
Loyihaning asosiy maqsadi – Markaziy Osiyodagi yagona “Yogʼoch muzey” Juma Masjid meʼmoriy yodgorligining kelgusi avlodlarga asl holida yetkazish maqsadida katta tajribaga ega boʼlgan YUNESKOning Germaniyadagi “Deutsches Fachwerkzentrum Quedlinburg e.V” taʼmirlash markazi bilan hamkorlikda yogʼoch ustunlarni va tomyopma qismini innovatsion texnologik usullar qoʼllagan holda anʼanaviyligini saqlab qolish asosida taʼmirlash ishlarini bajarishdan iborat.
Shu xususda, loyiha doirasida Xorazm maʼmun akademiyasi “Janubiy Orolboʼyi tarixiy meʼmoriy yodgorliklarining qurilish materiallarini sinash va taʼmirlash laboratoriyasi” olimlari bilan hamkorlikda Claudia Christina Hennrich rahbarligidagi 8 kishidan iborat ilmiy guruh (Birgit Maria Schön, Ulrich Otto Thümmler, Noah Jasper Whistler, Dieter Herbert Hegholz, Conny Luthardt, Hannah Thielicke, Lydia Hahmann) Juma Masjid meʼmoriy obidasining yogʼoch ustunlari boʼyicha innovatsion yondoshuv asosida ustunlarni texnik holatini aniqlash, ularni ichki strukturasini oʼrganish boʼyicha tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.
Loyiha natijalaridan Oʼzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti boʼlimlarida ham qadimiy masjidlarni saqlash va taʼmirlashda foydalanish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, natijalardan mamlakatimizdagi va qoʼshni davlatlardagi qadimiy yogʼoch ustunli masjidlarni saqlash va taʼmirlash samaradorligini oshirishda eski metodlardan voz kechish, yangi zamonaviy talablarga mos keladigan takomillashtirilgan metodologiyalardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Eng asosiysi, mamlakatimizning noyob “Yogʼoch muzeyi” xisoblangan Juma Masjid meʼmoriy obidasi jiddiy talofatlardan saqlanadi va uning umrboqiyligi taʼminlanadi.