Xorazm Ma'mun akademiyasi

XALQARO ILMIY HAMKORLIK

21-07-2022     So'nggi yangiliklar

Xorazm Ma’mun akademiyasi Tabiiy fanlar boʻlimida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib Xorazm viloyatida mavjud oʻsimlik dunyosi vakillarini baholash va monitoring qilish, yangi, istiqbolli manzarali va dorivor oʻsimliklarni introduksiya qilish boʻyicha Xorazm Ma’mun akademiyasi va Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir boʻlimi – Markaziy Sibir botanika bogʻi oʻrtasida oʻzaro ilmiy hamkorlik yuzasidan xalqaro Memorandum imzolandi.

Memorandumdan koʻzlangan asosiy maqsad Rossiya Federasiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, oʻsimlik dunyosi obyektlarini tahlil qilish, baholash va monitoring qilish, har ikki davlatlarning floristik milliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, inventarizasiya qilish sohasidagi muammolarni hal qilish uchun zamonaviy bilimlarni jalb qilish, shuningdek, manzarali va dorivor oʻsimliklarning yangi istiqbolli turlarini aniqlashdan iborat.

Mazkur memorandum asosida kelgusida global issiqlik va choʻllanish bilan bogʻliq holda oʻsimliklarning iqlimiy dinamikasi va evolyusiyasini oʻrganishning dolzarb masalalari, qurgʻoqchil hududlarda ekotizimlardan barqaror foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan oʻsimlik turlarini saqlab qolish, xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan dorivor oʻsimliklarning yangi turlarini introduksiya qilish va yetishtirish boʻyicha xalqaro loyihalar doirasida fundamental va amaliy tadqiqotlar boʻyicha ilmiy izlanishlar oʻtkaziladi. Shuningdek ushbu memorandum asosida magistrantlar, yosh olim va mutaxasislarni har ikki tomon davlatlarida oʻzaro tajriba va axborot almashish, qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.