Xorazm Ma'mun akademiyasi

Termitlarga qarshi kurashish boʼyicha Ishchi guruh aʼzolari Xorazmda

14-04-2022     So'nggi yangiliklar

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 89-F –sonli farmoyishiga asosan Xorazm viloyatining Xiva shahrida termitlar tarqalishini oʼrganish hamda uning oldini olish va ularga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish boʼyicha Respublika ishchi guruhi aʼzolari - FА Zoologiya instituti direktori B.Xolmatov, laboratoriya mudiri G.Mirzayeva hamda Termitlarga qarshi kurashish markazi direktori K.Rustamov tomonidan Xiva shahriga ilmiy safar tashkil etildi.

Ishchi guruh aʼzolari tomonidan Xorazm viloyati Xiva tumani hokimligi bilan hamkorlikda Xiva shahrida termitlar tarqalgan mahalla fuqarolar yigʼini raislari, Ichan qalʼa muzey qoʼriqxonasi xodimlari, Xiva tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Sanitariya epidemiodogiya xodimlari, Xorazm Maʼmun akademiyasi olimlari bilan birgalikda termitlarning tarqalishi va zarari boʼyicha davra suhbati oʼtkazildi. Davra suhbatidan soʼng termitlardan zarar koʼrgan va buzilishi lozim boʼlgan bino va inshootlar joyiga chiqib oʼrganildi.

Shuningdek, safar mobaynida Ishchi guruh aʼzolari hamda Xorazm Maʼmun akademiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Xorazm viloyatining Xiva shahrida termitlarga qarshi kurashish ishlarini kompleks amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.